Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining yangi tarkibi tasdiqlandi

    Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Senat Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etgan majlisda oʻtgan besh yilda Yoshlar parlamenti aʼzolari barcha yoʻnalishlarda senatorlar bilan yonma-yon turib tajriba orttirgani, muayyan natijalarga erishib, zarur tuzilma ekanini isbotlagani qayd etildi.

    Buning amaliy ifodasini 2 nafar Yoshlar parlamentlari aʼzosining Qonunchilik palatasiga deputat, 20 nafari esa yana bir bor xalq ishonchiga sazovor boʻlib, mahalliy kengashlar deputatlari etib saylanganida koʻrish mumkin.

    Yoshlar parlamentining vakolat muddati tugashi munosabati bilan uning yangilangan tarkibi shakllantirildi. Ishlab chiqilgan nizomga koʻra, uning tarkibi mahalliy kengashlar tavsiyasi asosida 84 nafar 30 yoshgacha boʻlgan deputatdan, 10 nafar Yoshlar ishlari agentligi hamda 6 nafar Senatning tegishli qoʻmitasi tavsiyasiga asosan shakllantirilgan. Yoshlar parlamentining 100 nafardan iborat yangi tarkibi tasdiqlandi.

    Navqiron jamoaning 13 nafari turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, 11 nafari xorijiy oliy oʻquv yurtlarini tamomlagan. Tarkibning 95 foizini oliy maʼlumotli yoshlar hamda 30 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

    Yangi tarkib huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, tadbirkorlar, ekologlar hamda madaniyat, sport va sogʻliqni saqlash sohalari vakillaridan tashkil topgani ularning barcha yoʻnalishlarda samarali faoliyat olib borishiga xizmat qiladi.

    Majlisda tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Laylo Aslonova Yoshlar parlamenti raisi etib saylandi. Shuningdek, Ibrohimjon Joʻraboyev hamda Azizbek Ochilboyev Yoshlar parlamenti raisi oʻrinbosarlari etib tasdiqlandi. Shuningdek, Yoshlar parlamentining komissiyalari raislari va ularning aʼzolari ham saylandi.

    Tashkiliy masaladan coʻng Senat Raisi oʻz nutqida Yoshlar parlamenti oʻz faoliyatida eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etish, yoshlarga doir qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar berish, joylarda yoshlar bandligi masalasini puxta oʻrganish va tizimli muammolarni aniqlash hamda bartaraf etishga koʻmaklashish muhimligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, Yoshlar parlamenti yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik, bolalar va ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha targʻibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etishi, xorijiy mamlakatlarning yoshlar parlamentlari bilan hamkorlik qilishi va oʻzaro tajriba almashishi lozimligiga ham urgʻu berildi.