Senatorlar ushbu Shartnoma 1996-yil 14-sentyabrda 10 ta mamlakat – Afgʻoniston, Ozarbayjon, Pokiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Eron va Oʻzbekiston tomonidan imzolanganini hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) taʼsis hujjati ekanligini taʼkidladilar.

Shartnoma Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining tashkiliy tuzilmasini, uning maqsad va faoliyat tamoyillarini, shuningdek, moliyaviy masalalarni hamda tashkilotda qarorlar qabul qilish tartibini belgilaydi.

Muhokama chogʻida senatorlar Oʻzbekiston tomonidan Izmir Shartnomasining ratifikatsiya qilinishi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish uchun huquqiy asos yaratishini, shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlar bilan keng hamkorlik qilish imkonini berishini taʼkidladilar.

Oʻzbekistonning tashkilotda toʻliq ishtirok etishi xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, transport-logistika yoʻlaklarini kengaytirish, shu jumladan, tranzit tashish tariflarini birxillashtirish orqali kengaytirish, mamlakat mintaqalarining turistlar jalb etiluvchanligini oshirish imkonini beradi.

Muhokama yakunlari boʻyicha senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.