Senat Kengashi qirq ikkinchi yalpi majlisni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi

    Mamlakatimizda 21 Iyun 2023 1002

    Joriy yil 20-iyunda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Majlisda Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisini 2023-yil 22-iyunda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlarni muhokama etish rejalashtirilgan.

    Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida“gi, “Davlat boji toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan maʼmuriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi hamda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

    Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi, “Radiochastota spektri toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Oʻzbekiston – Qozogʻiston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisidagi Shartnomani (Toshkent, 2022-yil 22-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Islomobod, 2022-yil 3-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham muhokama etiladi.

    Bundan tashqari, yalpi majlisda Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini ham koʻrib chiqish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.