Senat Kengashining sakkizinchi yalpi majlisi 2025 yil 25 iyunda chaqiriladi

    Joriy yil 24-iyunda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Kengash Senatning sakkizinchi yalpi majlisini 2025-yil 25-iyunda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlis kun tartibiga jamiyat, siyosat, iqtisodiyot, qonunchilik, xalqaro hamkorlik va inson huquqlari sohalariga oid bir qator muhim qonunlar hamda parlament nazorati doirasidagi masalalar kiritilgan.

    Jumladan, parlament aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar muhokama qilinadi.

    Bundan tashqari, parlamentda siyosiy xilma-xillikni taʼminlash, ochiqlik va munozara muhitini rivojlantirish maqsadida muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun koʻrib chiqiladi.

    Senatorlar tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda kafolat mablagʻlarini joriy etish yuzasidan qonunga taklif etilayotgan oʻzgartirishlar ham muhokama etiladi.

    Shuningdek, majlisda iqtisodiy, agrar, ekologik va investitsiya sohalariga oid ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlar koʻrib chiqiladi.

    Xalqaro hamkorlikka oid masalalar doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish, shuningdek, Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasiga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisidagi qonunlarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

    Shu bilan birga, senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitiladi.

    Yalpi majlisda investitsiya muhitini yaxshilash, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash hamda voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va toʻlash tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga parlament soʻrovlari yuborish masalalari ham koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.