Senat Konstitutsiya boʻyicha referendum oʻtkazishni maʼqulladi

    Mamlakatimizda 14 Mart 2023 1201

    2023-yil 14 mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz sakkizinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.

    Joriy yil 10-mart kuni Qonunchilik palatasi majlisi oʻtkazilib, unda konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendumni tayinlash va uni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.

    Senat yalpi majlisida taʼkidlanganidek, konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub oʻzgarishlarning uzviy qismi boʻlib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratadi hamda Bosh qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka va shiddatli islohotlar mantigʻiga moslashtiradi.

    “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq boʻlishi kerak” gʻoyasi asosida konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha umumxalq muhokamasi oʻtkazilib, aholidan uni takomillashtirish boʻyicha 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgan va ularning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olgan.

    Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan 400 dan ortiq xalqaro hujjat, 190 ga yaqin mamlakat konstitutsiyalari puxta tahlil etildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama qilindi, 10 ga yaqin xorijiy va xalqaro ekspertizadan oʻtkazildi.

    Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobar oshmoqda, xususan, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Muhokamada davlat oʻz zimmasiga nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashish, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari hayoti sifatini oshirish boʻyicha majburiyat olayotgani ijtimoiy davlatga xos ekani taʼkidlandi.

    Senatorlar qonun loyihasida aholining 18 milliondan ortigʻini tashkil etuvchi yoshlar masalasiga bagʻishlangan alohida bob kiritilayotgani muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Xususan, yoshlarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantirish, maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat oʻz zimmasiga olmoqda. Ushbu qoidalar yoshlar hayotda oʻzini toʻlaqonli namoyon etish imkoniyatini taʼminlashi aytildi.

    Majlisda Konstitutsiyaning yangi tahriri ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil boʻlishi hamda yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishi eʼtirof etildi.

    Mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar natijasida Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga koʻpayib, normalari hajmi 65 foiz oshdi. Ushbu oʻzgartish va qoʻshimchalarning soni va mazmuni Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish zaruratidan dalolat berishi taʼkidlandi.

    Muhokamalar natijasida senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi qaror qabul qilinib, unga koʻra referendum 2023-yil 30-aprel kuniga tayinlandi.

    Bahor Xidirova,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.