Senatning qirq birinchi yalpi majlisida senatorlar ishni “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqishdan boshladilar.
Taʼkidlanishicha, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bilan bir qatorda bugungi kunda ayrim yoʻnalishlarda muammolar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, bir qator qonun hujjatlarida manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida tushuntirish berilgan boʻlsada, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanmagan.
Qolaversa, sohada yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli organ mavjud emas, manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmagan.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunda davlat organlarining manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan xodimlari, shuningdek, ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar boʻlishi belgilangan boʻlishiga qaramasdan, qonunchilik hujjatlarida javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan.
“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etishi bilan birga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi manfaatlar toʻqnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Oʻz navbatida, Senat Raisi ham qonun yuzasidan quyidagilarni taʼkidlab oʻtdi.
Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda koʻp kuzatamiz, jamoatchiligimizning eng koʻp eʼtiborini tortadigan va eʼtirozlarini keltirib chiqaradigan holatlardan biri bu – manfaatlar toʻqnashuvi holatlari amaldagi qonunchilikda taqiqlangan boʻlsa ham, ularga nisbatan javobgarlik, huquqiy oqibatning yoʻqligi edi.
Endilikda mazkur Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yoʻnalishidagi qonunchilikda manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq boʻshliqlar yopilmoqda, bu yoʻnalishni qonunan tartibga soluvchi aniq mexanizmlar belgilanmoqda.
Manfaatlar toʻqnashuvining huquqiy oqibatlari belgilanmoqda, yaʼni bunday holatda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud hukmi orqali bekor qilinishi mustahkamlanmoqda.
Tabiiyki, bu manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va shu orqali umuman korrupsiyaga qarshi kurash jarayonini faollashtirishga ham ijobiy taʼsir etadi. Zero, aynan manfaatlar toʻqnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlangʻich nuqtasi hisoblanadi.
Mazkur Qonun bilan manfaatlar toʻqnashuvining tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish boʻyicha aniq mexanizmlar belgilangan.
Senatorlarning qayd etishicha, Qonun bilan uning qoʻllanilish doirasi aniqlashtirilmoqda.
Xususan, Qonun davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlariga, ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Shunindek, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaxs ushbu xodimga aloqador shaxs hisoblanishi mustahkamlanmoqda.
Eng muhimi, davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar belgilanmoqda.
Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar boʻlinmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida mustahkamlanmoqda.
Qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha cheklovlar, manfaatlar toʻqnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas deb topish asoslari, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishning aniq qonuniy mexanizmi belgilanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishda davlat nazoratining amalga oshirilishiga, davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi holatlari yuzaga kelganda tegishli choralar koʻrilishiga, davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishiga erishiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.