Senat muxolifat huquqlarini kengaytirishga doir qonunni maʼqulladi

    Mamlakatimizda 26 Iyun 2025 903

    Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida "Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonun muhokama qilindi.

    Qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatimizda soʻz erkinligi muhiti yaratilgani, xalq manfaatlari va siyosiy irodasi erkin bildirilishi uchun huquqiy asoslar mustahkamlangani, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.

    Ushbu Qonun soʻz erkinligini taʼminlash, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi oʻrnini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 5 ta qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Unga koʻra, oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar ham oʻsha masalaga doir qonun loyihasining yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish kabi qoʻshimcha huquq berilmoqda.

    Shuningdek, ushbu fraksiyaning vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qoʻmita raisi va ikki nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi, har chorakda “hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida masala kiritishi ham nazarda tutilmoqda.

    Senatorlar ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi qonun ijodkorligi va parlament nazorati samaradorligini oshirishga hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muxolifatning kafolatli huquqlarini kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.