Oʻzbekiston hali ham yod tanqisligi boʻyicha ogʻir hudud boʻlib qolmoqda. Bu haqda shu yil 29-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitalarining qoʻshma majlisida aytildi.
Majlisda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunning yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga oid qismi ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, aholi orasida endemik buqoqdan kasallanish koʻrsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash boʻyicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zaruriyati ham yuzaga kelgan.
Ayniqsa, 2023-yilda yod tanqisligi kasalligi har 100 ming aholiga Qoraqalpogʻiston Respublikasida (2160,7), Surxondaryo (1883,3), Jizzax (1494,0) Buxoro (1262,2) viloyatlarida mamlakat koʻrsatkichlariga nisbatan (912,4) baland boʻlgani tashvishli holdir.
Shu davrda yod tanqisligi koʻrsatkichi bolalar va oʻsmirlar orasida mamlakat boʻyicha har 100 ming aholiga oʻrtacha 712,3 va 3593,6 nafarni tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkichlar “yod tanqisligi pandemiyasi” davom etayotganligini anglatadi.
2007-yilda qabul qilingan Qonunda yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq 2024-yilning 9 oyi yakuniga koʻra, oʻtkazilgan oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, mamlakatimizda 94 ta osh tuzi ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va undan foydalanuvchi korxona mavjud. Ularning bor-yoʻgʻi 24 tasida laboratoriyalar bor, faqatgina 72 tasida dozatorlar oʻrnatilgan. Ammo oʻrnatilgan ayrim dozatorlar mutlaqo talabga javob bermaydi.
2024-yilning 9 oyi davomida Sogʻliqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan tekshiruvlar oʻtkazildi.
Natijada tuz ishlab chiqaruvchi korxonalardan olingan 263 ta namunadan 65 tasida (25%), savdo va umumiy ovqatlanish shaxobchalaridan olingan 1110 ta namunaning 347 tasida (31,5%), maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalaridan olingan 3613 ta namunaning esa 1263 tasida (35%) yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan.
Shu bilan birga oʻrganishlar davomida Sirdaryo viloyatida hech qanday hujjatsiz tuzni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tashish faoliyati bilan noqonuniy shugʻullanib kelayotgan 4 ta korxona aniqlangan.
Ushbu korxonalarda tuzni yodlash dozatorlari mavjud emas. Omborlarda mahsulotlarni saqlash qoidalariga amal qilinmagan, qayta ishlab chiqarish uchun keltirilgan birlamchi tuzlarning tegishli hujjatlari, xususan sertifikatlari mavjud emas. Tuz belgilangan talabga javob bermaydigan paketlarga qadoqlanmoqda. Mahsulot ishlab chiqarilgan sanalar koʻrsatilmagan holda sotuvga chiqarilmoqda. Ayrim hollarda qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgani aniqlangan.
Ayrim tadbirkorlar tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni suiisteʼmol qilib, aholining sogʻligʻi uchun zararli boʻlgan mahsulotlarni sotishni davom ettirmoqda.
Majlis yakunlari boʻyicha qoʻmitalarning aniq takliflar aks etgan qoʻshma qarori qabul qilindi.