Senat Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasini belgilashga doir hujjatni maʼqulladi

    Xalqaro hamkorlik 23 Iyun 2023 2313

    Shartnoma bilan Oʻzbekiston-Qozogʻiston Davlat chegarasini belgilash boʻyicha ishlar toʻliq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini taʼminlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.

    Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Oʻzbekiston – Qozogʻiston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Muhokama chogʻida senatorlar Oʻzbekiston va Qozogʻiston eng yaqin qoʻshnilar va vaqt sinovidan oʻtgan strategik sheriklar ekanini taʼkidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar jadal rivojlanmoqda.

    Hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev tomonidan uning 2022-yil 21-dekabr kuni mamlakatimizga davlat tashrifi chogʻida imzolangani bilan alohida ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.

    Shartnomaga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi Davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizigʻi uzunligi 2 356 kilometrdan ortiqdir.

    Shartnoma bilan Oʻzbekiston-Qozogʻiston Davlat chegarasini belgilash boʻyicha ishlar toʻliq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini taʼminlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.

    Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.