Taʼkidlanganidek, mazkur Bitim 2022-yil 29-mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida imzolangan. Bitim harbiy tayyorgarlik va harbiy taʼlim, mudofaa sanoati hamkorligini rivojlantirish, logistika sohasidagi hamkorlik, kartografiya va gidrografiya, minalar va qoʻlbola portlovchi qurilmalarga qarshi kurashish boʻyicha tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Mazkur yoʻnalishlardagi hamkorlik tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Turkiya Respublikasi Milliy mudofaa vazirligining yillik rejalariga kiritiladi.

Muhokama chogʻida Bitimning ratifikatsiya qilinishi Davlat byudjetidan qoʻshimcha mablagʻ ajratishni talab qilmasligini, Bitim doirasida tashkil etiladigan barcha tadbirlar esa har yili Mudofaa vazirligiga ajratiladigan byudjet mablagʻlari doirasida amalga oshirilishi qayd etildi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.