Senat Oʻzbekistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishini maʼqulladi

    Oliy Majlis Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga baʼzi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida“gi Qonun muhokama qilindi.

    Qayd etilishicha, mamlakatimizda aholi oʻrtasida, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan tamaki mahsulotlari tarqatilishining va isteʼmol qilinishining oldini olish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Shu bilan birga, soʻnggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari koʻpaymoqda.

    Shu munosabat bilan, tamaki mahsulotlarining, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarining, shu jumladan elektron sigaretalarning va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakatimiz hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

    Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

    Ushbu Qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilganligi bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari toʻgʻrisida oʻz ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

    Senatorlar tomonidan Qonun aholining hayoti va sogʻligʻini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.