Muhokamada tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlari hokimliklari rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, ekspertlar ham ishtirok etdi.
Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy ishonch muhiti yaratilganini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Ilgari umumiy manfaatlarga erishish yoʻlida mintaqa mamlakatlarining oʻzaro yaqinlashishiga toʻsiq boʻlib kelgan koʻplab muammoli masalalarni hal etishda oldinga siljish yuz berdi.
Yalpi majlisda senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini batafsil muhokama qildilar.
Senatorlar davlat chegarasi bilan bogʻliq nizoli masalalarning hal etilishi mamlakatimiz milliy xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi, chunki bu chegaradagi nizolarning oldini olish va noqonuniy savdoga samarali qarshi kurashish imkonini beradi.
Oʻz navbatida, Andijon (Kampirobod) suv omboridan birgalikda foydalanish minglab fermer xoʻjaliklarini suv bilan uzluksiz taʼminlashda ishonchli kafolatlar yaratadi.
Bundan tashqari, mazkur hujjatlarning qabul qilinishi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va oʻzaro manfaatli foydalanishga xizmat qilishi, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berishi taʼkidlandi.
Batafsil muhokama yakunlari boʻyicha Senat mazkur qonunlarni maʼqullash toʻgʻrisida qarorlar qabul qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati