Hozirgi vaqtda dunyodagi murakkab va noaniq vaziyat, jahon iqtisodiy oʻsish surʼatlarining sekinlashuvi sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiyoti barqaror oʻsish surʼatlarini saqlab qolyapti. 2025-yilga moʻljallangan prognozga koʻra, iqtisodiy oʻsish surʼati 6,0 foizni tashkil etadi.
2026-2027-yillarda esa iqtisodiy oʻsish surʼatlari mos ravishda 6,1 va 6,3 foizgacha oshishi kutilyapti.
Kelgusi yilda iqtisodiy faollikning oshishi hisobiga byudjetga soliq va soliqdan tashqari tushumlarni oshirish orqali Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trillion soʻm miqdorida prognoz qilinyapti.
2025-yilgi Davlat byudjeti xarajatlari 344,8 trillion soʻm miqdorida rejalashtirilgan boʻlib, 52 foizi yoki 177,7 trillion soʻmi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, Davlat byudjeti hisobidan qishloq xoʻjaligiga 3,3 trillion soʻm, suv xoʻjaligiga 10,7 trillion soʻm hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga 3,6 trillion soʻm ajratilishi rejalashtirilgan.
Fiskal barqarorlikni taʼminlash maqsadida byudjet taqchilligini kamaytirish oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan fiskal siyosatning bosh maqsadlaridan biri boʻlib qolyapti.
Majlisda ushbu Qonun yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillarining axboroti eshitildi hamda senatorlar, ekspertlar va mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari tomonidan qizgʻin muhokama etilib, fikr va mulohazalar bildirildi.
Muhokama yakuni boʻyicha Senat qoʻmitalarining tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.