Unda senatorlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar guruhi aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisidagi 132-sonli Konvensiyasini (1970-yilda qayta koʻrib chiqilgan) (Jeneva, 1970-yil 24-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur xalqaro hujjat 38 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Konvensiyada mehnat munosabatlarida xodimlarning mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq toʻlanadigan taʼtillardan foydalanish huquqlarini taʼminlash choralarini yanada kuchaytirish kabi masalalar nazarda tutilgan.
Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida maxfiy axborotni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi Bitimni (Sian, 2023-yil 18-may) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Bitimda Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatlarining ikki tomonlama hamkorligi jarayonida tomonlar bir-biriga har qanday shaklda beradigan (oladigan), shuningdek shakllangan maxfiy axborotlarni oʻzaro himoya qilishni taʼminlashga oid masalalar oʻz aksini topgan.
Kun tartibi doirasida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.