Senat Raisi AQSHning mamlakatimizdagi yangi elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Fevral 2023 844

    2023 yil 27-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Amerika Qoʻshma Shtatlarining mamlakatimizdagi yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenikni qabul qildi.

    Muloqot avvalida Senat Raisi elchini yuksak va masʼuliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutladi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston – AQSH hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Jumladan, Senat Raisi parlamentlararo aloqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim mexanizmlaridan biriga aylanishi lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, strategik hamkorlikni hozirgi bosqichi parlament miqyosidagi yaqin aloqalarni ham aks ettirishi zarurligi, oʻzaro munosabatlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarishda muloqotlar izchilligini taʼminlash muhimligini alohida qayd etdi.

    Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirishda AQSH Kongressining Vakillar palatasida shakllantirilgan “Oʻzbekiston boʻyicha Kokus” (doʻstlik guruhi)ning oʻrni va faoliyati samaradorligi taʼkidlab oʻtildi.

    Oʻz navbatida elchi Jonatan Xenik samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, 26 yil avval Oʻzbekistonda boʻlgani, oʻtgan vaqt ichida mamlakatda barcha sohalarda juda katta ijobiy oʻzgarishlarning guvohi boʻlganini aytib oʻtdi. Jumladan, Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, mehnat munosabatlari, gender tengligi masalalarida erishilgan natijalarni yuqori baholab, ayniqsa, bolalar mehnati va majburiy mehnatga toʻliq barham berish borasida Oʻzbekistonning tajribasini butun jahonga namuna sifatida koʻrsatish mumkinligini va bu borada boshqa davlatlar oʻzbek tajribasini oʻrganishi zarurligini alohida taʼkidladi.

    Uchrashuvda, shuningdek savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish, bu jarayonni faollashtirishda Oʻzbekiston va AQSHning turli sohalari vakillarining oʻzaro tashriflarini amalga oshirish, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlash borasida fikr almashildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.