Senat Raisi BAA Gender tenglik kengashi vitse-prezidenti bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 14 Mart 2024 806

    Ayni paytda BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida boʻlib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Arab Amirliklari Gender tenglik kengashi vitse-prezidenti Mona Gʻanem Ol Marriy bilan uchrashdi.

    Maʼlumki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi. Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning doʻstlik hamda sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi, keng qamrovli hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki berdi.

    Muloqot chogʻida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xalqaro reytinglar, davlat boshqaruvi, shuningdek, xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish masalalari boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

    Suhbat davomida munosabatlarning amaliy jihatlari, xususan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va boshqa sohalardagi dasturlarni maxsus seminar va loyihalar orqali birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi.

    Suhbat yakunida tomonlar koʻp qirrali har tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, gender tenglikni taʼminlash sohasida rivojlantirish boʻyicha yakdil fikr bildirdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Senat Raisi Mona Gʻanem Al Marriyni Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo xotin-qizlar forumida ishtirok etishga taklif etdi.