Senat Raisi Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 29 Noyabr 2023 822

    Joriy yil 29-noyabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Monirul Islomni qabul qildi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Bangladesh hamkorligining barcha sohalari, xususan, savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy gumanitar, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

    Ikki davlat parlamentlarining hamkorligi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Tomonlar Oʻzbekiston va Bangladesh qonun chiqaruvchi organlari hamkorligini yanada rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlament nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga eʼtibor qaratdi.

    Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik munosabatlariga ustuvor masala sifatida alohida eʼtibor qaratib kelinyapti. Natijada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilning birinchi yarim yilligida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobarga oʻsdi. Shunday boʻlsada, uchrashuvda erishilayotgan koʻrsatkichlarni yana bir necha barobarga oshirishga imkoniyatlar yetarli ekani aytib oʻtildi.

    Oʻz navbatida, ikki davlat savdo-sanoat palatalari oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish hamda sanoat mahsulotlarining oʻzaro koʻrgazma va yarmarkalarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni oʻz ichiga olgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarda toʻqimachilik klasterlari va ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish, farmatsevtika sohasida mamlakatimizning keng salohiyatidan kelib chiqib, qoʻshma loyihalarni amalda joriy qilish yuzasidan fikr almashildi.

    Muloqot davomida madaniy-gumanitar aloqalarni, ayniqsa, madaniyat va ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflar muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.