Senat Raisi Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Fevral 2024 1091

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi. Videokonferensaloqa formatidagi tadbir Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligining o‘rniga bag‘ishlandi.

    Shuningdek, forumda turli mamlakatlar parlamentlari spikerlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

    Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida «Betaraflik do‘stlari» guruhi Turkmaniston tashabbusi bilan tuzilgan BMTga a'zo davlatlarning norasmiy birlashmasi hisoblanadi.

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva o‘z nutqida hozirgi kunda tobora kuchayib borayotgan tahdidlar sharoitida ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash zarurati ortib borayotganini ta'kidladi. Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni har tomonlama ta’minlash va mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish xalqaro miqyosdagi keng ko‘lamli hamkorlikning asosiy vazifalariga aylanib borayotganiga e'tibor qaratdi.

    – Biz bugungi uchrashuvimizni parlamentlarning ko‘p tomonlama formatdagi amaliy hamkorligiga qo‘shimcha sifatida hamda ularning mamlakatlarimiz barqarorligi va farovonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan tinchlik va muloqotni mustahkamlash borasidagi eng muhim masalalarni muhokama qilishga jalb etish vositasi sifatida qaraymiz, – deya, qayd etdi Senat Raisi.

    Tadbir so‘ngida Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari birinchi uchrashuvining tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan yakuniy hujjati qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.