Senat Raisi BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Mart 2023 1600

    Joriy yil 15-martda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar bilan bogʻliq muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar xususida maʼlumot berib oʻtildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda xalqning fikr-mulohazalari, takliflari oʻrganilib, aholining barcha qatlamlari, keng jamoatchilik ishtirokida umumxalq muhokamasi orqali tayyorlangani aytib oʻtildi. Kuni kecha Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi qaror qabul qilinib, unga koʻra referendum 2023 yil 30-aprelga tayinlangani aytib oʻtildi.

    Muloqot chogʻida BMTning inson huquqlari boʻyicha nizom va shartnomaviy organlari orqali mamlakatlarning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda parlamentning rolini oshirish hamda masalalari yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida fikr almashildi.

    Oliy Majlis Senati Raisi oʻz soʻzida BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhim oʻrin tutishi, shu nuqtai nazardan, BMTning inson huquqlari sohasidagi faoliyatini boshqarish uchun masʼul boʻlgan asosiy organi hisoblangan BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi bilan konstruktiv aloqalarni yanada kengaytirish, xususan parlament aʼzolarining inson huquqlari sohasidagi salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan oʻzaro muloqotning manfaatli ekanini taʼkidlab oʻtdi.

    Oʻz navbatida Folker Tyurk Oʻzbekistonda gender tengligini taʼminlash va ayollar huquqlarini taʼminlash borasida erishilgan natijalarni va hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, Oliy komissar Oʻzbekistonning mojaro zonalaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularni jamiyatga reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlariga yuksak baho berib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻplab davlatlar uchun namuna ekanini taʼkidlab oʻtdi.

    Shuningdek, suhbat chogʻida xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish, ijtimoiy-inklyuziv muhit va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida jamiyatda inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish mexanizmlarini ishga solishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.