Senat Raisi boshchiligida xotin-qizlar faoli ishini samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan uchrashuvlar tashkil etilyapti

    Ijtimoiy hayot 24 Aprel 2022 1098

    Joriy yil 23-aprelda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Toshkent shahrida oʻrganishlar olib bordi.

    Xususan, T.Narbayeva Toshkent shahar hokimligida oʻtkazilgan mahallalardagi xotin-qizlar faoli ishini samarali tashkil etish hamda xotin-qizlar bilan ishlash masalasida namunaviy tizim yaratish boʻyicha shahar ishchi guruhi aʼzolari yigʻilishida ishtirok etdi.

    Senati Raisi T.Narbayeva, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayev, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi boshqarmasi boshligʻi M.Nurmatova, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari N.Umarova ishtirokida boʻlib oʻtgan mazkur yigʻilishda mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar, ayollarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

    Shuningdek, ishtirokchilarga xotin-qizlar balansini shakllantirish masalasi atroflicha tushuntirildi. Barcha hududlarda ishchi guruhlar olib borishi lozim boʻlgan amaliy vazifalarga eʼtibor qaratildi.

    Mazkur mavzudagi muhokamalar poytaxtning Olmazor tumanida boʻlib oʻtgan seminarda ham davom etdi. Olmazor, Shayxontohur, Uchtepa tumanlari sektor rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari hamda mahallalarining oila va xotin-qizlar faollari ishtirok etgan ushbu tadbirda xotin-qizlar faollari tomonidan mahallalarda ishlarda balans shakllantirish, ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlarni aniqlash, ularni kasbga, tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi oʻrnini mustahkamlash va faolligini oshirish, muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalarga koʻmak koʻrsatishga doir ishlar yuzasidan soʻz yuritildi.

    Oʻz navbatida, Senat Raisi tomonidan soʻnggi besh yillikda xotin-qizlarga berilayotgan eʼtibor va ularni qoʻllab-quvvatlash ishlari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani, ularga har tomonlama shart-sharoit yaratish, davlat va jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, kelgusida ham bu boradagi ishlar jadal surʼatda davom ettirilishi taʼkidlab oʻtildi.

    Bundan tashqari, seminarda Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash jarayonlariga mahalliy Kengashlar deputatlarini ham keng jalb etish zarurligi aytib oʻtildi.

    Shundan soʻng Senat Raisi Olmazor tumanining “Guruchariq” MFY faollari, xususan, mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi bilan uchrashdi. Markazda ularga yaratib berilgan shart-sharoit va ish jarayonlari bilan tanishdi.

    Shuningdek, T.Narbayeva tumanga tashrifi davomida “Guruchariq”, “Hazrati imom” kabi mahallalarda ogʻir turmush sharoitida yashayotgan oilalar holidan xabar oldi. Har bir xonadon egalarini qiynayotgan muammolar yuzasidan samimiy suhbat oʻtkazilib, ularning yechimi yuzasidan tuman masʼullariga tegishli topshiriqlar berildi. Xonadon egalariga turmush sharoitda asqotuvchi maishiy texnika topshirildi.

    Shu bilan Senat Raisining Olmazor tumanidagi oʻrganishlari yakunlandi. Qayd etib oʻtamiz, T.Narbayeva mazkur mavzudagi oʻrganish ishlarini 2022-yil 25-aprel kuni poytaxtning Yashnobod tumanida davom ettiradi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.