Ishchi guruh dastlab, Urganch shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi. Bundan 6 oy muqaddam faoliyatini boshlagan ushbu markazda kasbga oʻqitish, xorijiy tillarni oʻrganish, raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik kabi 6 ta xizmat koʻrsatish turi mavjud.

Monomarkazda 5 ta yoʻnalishda 24 turdagi kasbga oʻqitiladi. Tinglovchilarning asosiy qismi ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlardan iborat. Oʻquv kurslarini tamomlagan tinglovchilarning 35 nafari “Temir daftar”da, 385 nafari “Ayollar daftari”da, 125 nafari “Yoshlar daftari”da turgan fuqarolardir. Monomarkazda kasb-hunar egallab tegishli sertifikatga ega boʻlgan tinglovchilarning 415 nafari oʻzlari egallagan kasb boʻyicha ishga joylashdilar. Hozirgi kunda monomarkazda 300 nafarga yaqin tinglovchilar oʻqishni davom ettiryapti.

Senat Raisi markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ishsiz ayollarni oʻquv kurslariga kengroq jalb qilib kasb-hunar oʻrgatish, imtiyozli kreditlash orqali tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish boʻyicha zarur tavsiyalar berdi. Ishchi guruh aʼzolari shuningdek, Urganch tumanidagi “Ulli hovli” majmuasidagi “Turkmanlar” mahallasida istiqomat qiluvchi turkman ayollari va “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlar bilan uchrashdi.

Ushbu tarixiy majmua 2017-2018-yillarda qayta taʼmirlanib, yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Majmuada mahalla xotin-qizlari xalq hunarmandchiligining 7 ta turi boʻyicha usta-shogird anʼanalari asosida faoliyat olib boradilar. Eng muhimi oʻzbek va turkman millati vakillari hamjihatlikda, totuvlikda yashab, mehnat qilib kelyapti.

Tashrifning navbatdagi manzili Yangibozor tumanidagi “Ochaqalʼa” mahallasi guzari faoliyati bilan tanishuv hamda “Ayollar maslahat kengashi” aʼzolari va faol xotin-qizlar bilan uchrashuv boʻldi. Senat Raisi tuman maʼnaviyat va maʼrifat markazining yangi kutubxonasi ochilishi tadbirida ishtirok etdi.

Shundan soʻng ishchi guruh Gurlan tumanidagi Kengashlar uyida deputatlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari bilan uchrashib, ularning faoliyatiga doir ayrim masallar boʻyicha tavsiyalar berildi. Muloqotda deputatlarning ham bir qator takliflari tinglandi. Yigʻilishda mahalliy byudjetni samarali va adolatli sarflanishi ustidan nazorat qilib borish, Senat tomonidan belgilab berilgan 30 dan ortiq masala yuzasidan tuman mutasaddi rahbarlarining hisobotlarini oʻz vaqtida eshitib borish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Tuman hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Ayollar daftari” boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Ayollar masalasi bilan bogʻliq tashkilot xodimlari va sektor rahbarlariga oilaviy ajrimlarni kamaytirish, nizolarni vaqtida bartaraf etish va tuman ayollarining siyosiy va ijtimoiy maydondagi rolini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek ayollar daftariga kiritilgan tikuvchilik boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tamomlaganlarga tikuv mashinalari topshirilib, isteʼdodli yoshlar faoliyatiga doir badiiy koʻrgazma bilan tanishildi.

Ayni damda Xorazm viloyati hokimligi binosida Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi deputatlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ayollar va yoshlar masalasi, bandlikni taʼminlash, ishsizlikni bartaraf etish, kambagʻallikni qisqartirish hamda mahalliy byudjet mablagʻlarini toʻgʻri yoʻnaltirish kabi masalalar muhokama etildi.
Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi ishchi guruhning viloyatga tashrifi davom etadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.