Senat raisi Boysundagi kon avariyasida halok boʻlganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi

    Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida Tanzila Narbayeva Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25-yilligi” gaz konida qayta yuz bergan avariya oqibatida halok boʻlganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.

    “1-sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi „Mustaqillikning 25-yilligi« gaz konida burgʻilash ishlari olib borish jarayonida texnologik jarayon oqibatida oltingugurt yaʼni vodorod sulfid chiqishi kuzatildi. Bugungi kunda jamoatchilikni diqqat markazida boʻlib turgan masala. Hammamiz buni eshitdik”, — dedi u.

    “Shu munosabat bilan, vafot etgan fuqarolarimiz bor, yaqinlariga sabr tilaymiz. Oilalari davlatimiz, prezidentimiz nazoratida, buni hamma eshitdi. Ularni taʼminoti masalasida alohida topshiriq ham boʻlgan, [ular] tashlab qoʻyilmaydi. Biz ham hamdardligimizni bildiramiz”, — dedi Senat raisi.