Oliy Majlis Senati Raisi rasmiy tashrif doirasida Butunxitoy ayollar federatsiyasi raisi Shen Isin xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat avvalida ikki mamlakatning tarixiy doʻstona munosabatlari va yil sayin yangi darajaga koʻtarilib borayotgan oʻzaro hamkorlik aloqalari, davlatlar rahbarlari oʻrtasida erishilgan muhim kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, tomonlar xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotida, shu jumladan, iqtisodiyotning barcha sohalarida, qolaversa, ikki mamlakat doʻstona aloqalari mustahkamlanishida faol ishtirokini taʼminlash borasidagi ishlarga eʼtibor qaratdi.
Bu borada faol oʻzaro tajriba almashish, hamkorlik dasturlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Xitoy bilan sogʻlom ona va bola dasturlarini davom ettirish hamda faol ayollarning bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha oʻquvlarni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.