Senat Raisi “COVID-19 pandemiyasi sharoitida global xavflar va tahdidlar. Terrorizm va zoʻravonlikka daʼvat etuvchi ekstremizm” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Aprel 2021 617

    Oliy Majlis Senati delegatsiyasi aʼzolari Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida “COVID-19 pandemiyasi sharoitida global xavflar va tahdidlar. Terrorizm va zoʻravonlikka daʼvat etuvchi ekstremizm” mavzusida xalqaro parlament konferensiyasida qatnashdilar.

    Tadbirda, shuningdek, MDH PA parlament delegatsiyalari rahbarlari, PASE Prezidenti Xendrik Dams, YEXHT PA Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qoʻmitasi Raisi Reynxold Lopatka, Ijro etuvchi qoʻmita Raisi – MDH Ijro etuvchi kotibi Sergey Lebedev, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi bosh ijro etuvchi direktori Gada Fatxi Vali, shuningdek boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.

    Ishtirokchilar terrorizm va zoʻravonlikka daʼvat etuvchi ekstremizmga qarshi kurashish, ushbu jinoyatlar qurboni boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishda xalqaro hamkorlikning huquqiy mexanizmlarini koʻrib chiqdilar, terroristik tahdid va zoʻravonlikka daʼvat etuvchi ekstremizmning oldini olish boʻyicha saʼy-harakatlarga, COVID-19 pandemiyasi oqibatlari va boshqa masalalarga urgʻu berdilar.

    Konferensiyada soʻzga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva COVID-19 pandemiyasi jahon hamjamiyati uchun jiddiy xavfga aylanganini, barcha mamlakatlarning milliy iqtisodiyoti va sogʻliqni saqlash tizimi izdan chiqishiga olib kelganini, shuningdek jamiyatning eng dolzarb muammolarini ochib berganini taʼkidladi.

    — Ijtimoiy gʻalayonlar umidsiz odamlarning, ayniqsa yoshlarning radikallashuviga zamin yaratadi, — dedi Senat Raisi T.Narbayeva. — Terrorizm ham virus kabi davlat chegaralarini tan olmaydi va barcha mamlakatlar uchun bir xil darajada xavf tugʻdiradi. Terrorizm va zoʻravonlikka daʼvat etuvchi ekstremizmning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, albatta, mamlakat qonunchiligiga asoslanishi hamda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda milliy qonunchilikda bunday jinoyatlarning tasnifi keng jamoatchilik uchun tushunarli boʻlishi kerak.

    Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarni qayd etib, Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva quyidagilarni taʼkidladi:

    — Soʻnggi yillarda parlamentlararo aloqalar rivojlanib borayotgani juda muhimdir, bu koʻplab sohalarda, shu jumladan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda muammolarni samarali hal etish imkonini beradi. Bu masalada faoliyati nafaqat ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun zarur qonunchilik bazasini yaratishga, balki jamiyatda bunday hodisalarga murosasizlik muhitini shakllantirish, ularga jamiyat eʼtiborini qaratishning preventiv mexanizmlarini joriy etish boʻyicha keng qamrovli faoliyat olib borishga qaratilgan parlamentning oʻrni muhimdir. Tahdidlarning xalqaro transchegaraviy xususiyatini hisobga olsak, davlatlararo hamkorlik omili muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston bu yoʻnalishda hamkor mamlakatlar birgalikda yana-da ham koʻproq faoliyat olib borishi tarafdori, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.