SenatRaisitashrifdoirasidaTojikistonRespublikasiMajlisiOliMajlisimilliRaisiRustamiEmomalibilanuchrashdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar ikki mamlakat vaqt sinovidan oʻtgan eng yaqin qoʻshni va ishonchli hamkor ekanini, xalqlarimizni umumiy tarix, din, madaniyat va anʼanalar birlashtirib turishini, koʻp asrlar davomida shakllangan doʻstlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bugungi kunda ham izchil rivojlanib kelayotganini taʼkidlab oʻtdilar.
Doʻstona suhbatda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilib, Oʻzbekiston hamda Tojikiston oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy gumanitar, ayniqsa, parlamentlararo muloqotni samarali tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Xususan, ikki mamlakat parlament yuqori palatalari oʻrtasida tuzilgan doʻstlik guruhlari faoliyatini yanada jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanib boryapti. Soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston va Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasi jadal surʼatlarda oshib boryapti. Yaqin kelajakda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qonunchilik darajasida qoʻshma ishlarni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Muloqot chogʻida madaniy-gumanitar sohadagi oʻzaro hamkorlikning yuqori darajasi eʼtirof etilib, qoʻshma madaniy tadbirlar, jumladan ziyolilarning ikki tomonlama forumlarini, sanʼat ustalarining qoʻshma konsert va gastrollarini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, “ziyorat turizmi”ni rivojlantirish boʻyicha samarali choralar koʻrishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi milli oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim imzolandi. Unda parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan qoʻshma parlament monitoringini amalga oshirish, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalari aks etdi.
Shuningdek, oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan birgalikda monitoring olib borish mexanizmini takomillashtirish, parlament faoliyati sohasida oʻzaro tajriba almashish, chegaradosh viloyatlar va tumanlar deputatlari oʻrtasida munosabatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.