Senat Raisi YEI vakillari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 19 Aprel 2023 2144

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda Yevropa ittifoqining inson huquqlari boʻyicha vakili Eymon Gilmor bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollari, jumladan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

    Mehmonlarga Oʻzbekistonda inson huquqlari, gender tenglik, mehnat munosabatlari sohasidagi jarayonlar, Oliy Majlis va Yoshlar parlamenti faoliyati haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

    Yangi Oʻzbekiston barpo etishda mamlakatda kechayotgan muhim siyosiy jarayonlarda, xususan, konstitutsiyaviy islohotlarda, shuningdek, demokratik yangilanish va oʻzgarishlarda parlamentning oʻrni alohida eʼtirof etildi.

    Senat Raisi Oʻzbekiston Yevropa ittifoqi bilan asosiy xalqaro hamkor sifatida oʻzaro manfaatli sheriklikni izchil rivojlantirishdan, bunda oʻzaro munosabatlarning barcha yoʻnalishlarini qamrab olish uchun birgalikda harakat qilishdan manfaatdor ekanini taʼkidlab oʻtdi.

    Oʻz navbatida Yevropa ittifoqi vakillari Oʻzbekistonda keyingi yillarda jamiyat hayotining barcha sohalarida kechayotgan oʻzgarishlarni, islohotlar izchilligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni yuqori baholadi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlash, ularning jamiyat va oiladagi mavqeini mustahkamlash masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani alohida qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.