Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Davlatlar rahbarlari oʻrtasidagi muntazam muloqot, oʻzaro tashrif va uchrashuvlar turli sohalardagi aloqalarini yanada kengayishiga muhim turtki bergani alohida qayd etildi.
Muloqot chogʻida tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilda 503,4 million dollarni tashkil etgani, bu ikki mamlakat salohiyatiga umuman javob bermasligi, ushbu koʻrsatkichni bir necha barobar oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Transport logistikasi, tibbiyot va farmatsevtika, texnik muhandislik, fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlik boʻyicha ishga solinmagan imkoniyatlar borligi, mazkur yoʻnalishdagi loyihalar ikkala tomon uchun ham birdek manfaat keltirishi aytib oʻtildi.
Parlamentlararo aloqalar mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashning amaliy mexanizmi ekanligidan kelib chiqib, doʻstlik guruhlari va qoʻmitalar darajasidagi muloqotlar muntazamligini taʼminlash, oʻzaro tashriflarni faollashtirish boʻyicha fikr almashildi. Yuqori darajada erishilgan oʻzaro kelishuvlarning ijrosini taʼminlashda parlamentlar salohiyatini ishga solish muhimligi taʼkidlandi.
Xalqaro tashkilotlar doirasida ham konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Doʻstona va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida Elchi istiqboldagi rejalar va loyihalarni hayotga tatbiq etishga bor bilim va salohiyatini ishga solishini maʼlum qildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.