Yigʻilishda viloyat, tuman (shahar) sektor rahbarlari, senatorlar, viloyat Kengashi deputatlari, xotin-qizlar jamoatchilik kengashi aʼzolari hamda hududiy Kengash kotibiyat mudirlari ishtirok etishdi.

Foto: Viloyat hokimligi

Joriy yilda viloyatda ayollar bilan tizimli ishlashni yoʻlga qoʻyish maqsadida bir qator muhim vazifalar belgilab olingan boʻlib, xususan, viloyat boʻyicha Xovos va Yangiyer shahar tajribasi asosida ijtimoiy, psixologik, huquqiy va tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan ayollarni qamrab olgan “Ayolllar daftari” shakllantirildi.

Foto: Viloyat hokimligi

Mavjud 157 274 ta xonadon toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, 30 yoshdan yuqori boʻlgan 149 796 nafar xotin-qizlardan 15 814 nafari ishsiz ekanligi, shundan, 20 051 nafari tadbirkorlik, 7070 nafari esa kasb-hunar oʻrganishga qiziqish bildirgan ayollardir.

Foto: Viloyat hokimligi

Bugungi kungacha “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlarning xohish-istaklari, har bir hududning ichki xususiyatlaridan kelib chiqib, tadbirkorlikka yoʻnaltirish boʻyicha tushuntirishlar berildi. Viloyat hududida tashkil etilgan qisqa muddatli kasbga oʻqitish markazlariga 2 200 dan ziyod ayollar jalb qilindi.

Ayollarning muammolarini tizimli ravishda hal etish maqsadida har bir mahallada 10-15 nafar aʼzodan iborat tarkibda "Ayollar maslahat kengashlari" tashkil etildi. Shuningdek, ogʻir ijtimoiy vaziyatda yashovchi 22 230 nafar ayollar 9 toifa boʻyicha “Ayollar daftari” ga kiritildi.

Viloyat Xalq banki tomonidan 371 nafar ayollarga 5 mlrd. 751 mln. soʻm kredit mablagʻi ajratilib, dastur asosida 371 nafar ishsiz ayollarning bandligi taʼminlandi.

Har bir hudud boʻyicha alohida amaliy “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan boʻlib, ayollarni hayotdan rozi boʻlib yashashi, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Viloyat hokimligi

Yigʻilish davomida ayollar masalasi, viloyat, tuman va shahar mahalliy Kengash deputatlari va Kengash kotibiyatlarining ish samaradorligi tanqidiy ruhda muhokama etildi.

Tanzila Narbayeva dastlab viloyatda amalga oshirilgan ijobiy oʻzgarishlar xususida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Foto: Viloyat hokimligi

-Bugungi Sirdaryo kechagi Sirdaryo emas. Oʻzgarishlarni har bir jabhada koʻrish mumkin. Bugungi kunda Sirdaryo ham ijtimoiy-iqtisodiy, ham maʼnaviy-siyosiy sohalarda ildamlab bormoqda, - dedi Senat raisi oʻz soʻzida.

Yuqorida qayd etilganidek, viloyatda keyingi paytlarda xotin-qizlar masalasida olib borilgan ishlar oʻz samarasini berayotgan boʻlsa-da, bu borada yechimini kutayotgan muammolar mavjud.

Senat raisi tomonidan 3 kun davomida tuman, shaharlarda olib borilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar tanqid qilindi.

Foto: Viloyat hokimligi

Qayd etilishicha, jamoatchilik kengashlari faoliyati “qoniqarli” emas, uning tarkibini qayta koʻrib chiqish, adliya va prokuratura organlari (tuman, shahar) vakillarini ham tarkibga qoʻshish zarur.

Shuningdek, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar talab darajasida ajratish choralari koʻrilmagan.

Foto: Viloyat hokimligi

Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish boʻyicha markazlar faoliyatini qoniqarli deb boʻlmaydi.

Bugungi kunda viloyatning barcha tuman va shaharlarida Reabilitatsiya markazi tashkil etilgan boʻlib, ushbu markazlarga 2020-yil davomida 220 nafar fuqarolar murojaat qilgan boʻlsa, ularning 18 nafariga himoya orderlari berilishiga koʻmaklashilgan, xolos. Xolbuki ushbu davr davomida Ichki ishlar organlari tomonidan Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan 683 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berilgan. Markaz xodimlari tomonidan xatto himoya orderi berilgan xotin-qizlar bilan ham ish olib borilmagan.

Foto: Viloyat hokimligi

“Ayollar daftari” ga kiritilgan ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida tomorqadan foydalanishga koʻmaklashishda viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan 900 nafar ayolga koʻmaklashish belgilangan holda bugungi kun holatiga bor-yoʻgʻi 3 nafar ayolga koʻmak yordami berilgan.

Foto: Viloyat hokimligi

Tanzila Narbayeva belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishida sustkashlikka yoʻl qoʻygan, eʼtiborsizlik qilib, oʻz holiga tashlab qoʻygan masʼullarni qattiq tanqid qildi.

Yigʻilish soʻngida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati