Senat Raisi tashrif doirasida 12-iyunda bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi. Xalqaro Mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo bilan boʻlib oʻtgan muloqotda Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari, xususan hamkorlik qamrovini kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda munosib mehnat sharoitlarini tizimli tatbiq etish masalalari eʼtibor markazida boʻldi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekistonning ushbu tashkilot bilan keyingi yillardagi amaliy hamkorligi natijasida mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlangani, sohada 10 ta yuksak koʻrsatkichga erishilgani alohida qayd etildi.
Senat Raisi mamlakatimizning XMT bilan hamkorligiga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston hamisha xalqaro mehnat standartlariga qatʼiy rioya qilish yoʻlidan borishi, bu masalalar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligi, mehnat munosabatlari sohasida yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali XMT bilan hamkorlikni yanada tizimli mustahkamlash Oʻzbekiston uchun muhimligini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻz navbatida, J.Ungbo Oʻzbekistonda inson manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyayotgan keng koʻlamli islohotlardan yaxshi xabardor ekanini taʼkidladi. XMT rahbari mamlakatimizda olib borilgan konstitutsiyaviy islohotlarga toʻxtalar ekan, Oʻzbekistonning ijtimoiy yoʻnaltirilgan davlat qurishdagi qatʼiyati va irodasini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida mehnat munosabatlari yoʻnalishida istiqboldagi rejalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.
Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi (ISSA) Bosh kotibi Marselo Abi-Ramia Kayetano bilan uchrashuv davomida esa ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama etildi.
Suhbat chogʻida T.Narbayeva Assotsiatsiya tomonidan ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilayotgani va ularning samarali natijalariga koʻra, dunyo boʻylab ijtimoiy taʼminot mexanizmlarini ishlab chiqish sohasida muhim takliflar tayyorlanayotganiga toʻxtalib oʻtdi.
M.Kayetano Oʻzbekiston tomonidan ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, aholini ijtimoiy himoya qilish masalasini davlat siyosatining ustuvor vazifasi darajasiga koʻtarilayotgani hurmatga sazovor ekanini taʼkidladi. Bosh kotib Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi Oʻzbekistonda yangi tashkil etilgan agentlik bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot yakunida Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi bilan aholini ijtimoiy muhofaza qilishni faol va har tomonlama rivojlantirish yuzasidan istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Shuningdek, T.Narbayeva Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar bilan ishlash byurosi direktori Mariya Xelena Andre bilan muloqot oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida munosib mehnat va ijtimoiy himoya tamoyillarini joriy etish, norasmiy bandlikka qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini asosiy daromad bilan taʼminlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Olimy Majlis Senati matbuot xizmati.
T.Narbayevaning taʼkidlashicha, Byuro bugungi kunda turli davlatlar, jumladan Oʻzbekistonda ham mehnat munosabatlari sohasidagi dolzarb institutsional muammolarni hal etilishida faol koʻmak koʻrsatyapti, buning natijasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari va boshqa tuzilmalar bilan mintaqaviy va global hamkorligi rivojlanib boryapti.
XMT Byurosi rahbari har qanday modernizatsiya jarayonida mehnatkashlar huquqlari, uyushmalar erkinligi, munosib mehnat huquqini kafolatlashning asosiy tamoyillariga tayangan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish ustuvor boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
– Oʻzbekistonda XMT bilan hamkorlikda huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlash boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Endi erishilgan natijalar barqarorligini taʼminlash vaqti keldi, – dedi Mariya Xelena Andre.