- Bugun xalqimiz buyuk millatlarga hos matonat bilan, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotganini, karantin cheklovlarining hayotiy zarurat ekanligini tushunish bilan qabul qilayotganini va imkoniyati darajasida ehtiyojmandlarga amaliy ko‘maklashayotganini alohida e’tirof etishimiz kerak, - dedi Senat Raisi T.Narbayeva. - Ishonamizki, fuqarolarimiz bundan keyin ham ana shunday dahldorlik kayfiyati bilan karantin choralariga qat’iy amal qilib, o‘zlari va yaqinlari salomatligiga yanada mas’uliyat bilan qaraydi.

Ta’kidlash joizki, pandemiya qanchalik qiyinchiliklar va noqulayliklar to‘g‘dirmasin mamlakatimizda islohotlar izchillik bilan davom etmoqda. Prezidentimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni belgilab beradigan qator farmon va qarorlari e’lon qilinmoqda. Ular, so‘zsiz, kelgusidagi faoliyatimizga yaxshi ko‘rsatma bo‘lib hisoblanadi.

Shu jumladan, Senat ham o‘z ishini susaytirgani yo‘q. Yil boshidan beri o‘tkazilgan beshta yalpi majlisimizning deyarli hammasi karantin paytiga to‘g‘ri keldi. Onlayn tarzda o‘tkazilgan majlislarimizda davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga doir 90 ga yaqin masala, jumladan 33 ta qonunni ko‘rib chiqildi. Hukumat a’zolariga 4 ta parlament so‘rovi yuborildi. Xalqaro parlament munosabatlari doirasida 30 ga yaqin uchrashuv va onlayn muloqotlar o‘tkazildi.

Sessiyalar oralig‘ida Senat Kengashi hamda qo‘mitalari tomonidan ko‘plab tadbirlar, tahlillar amalga oshirildi. Turli yo‘nalishlarga oid taklif va tashabbuslar ilgari surilib, amaliyotga tatbiq etildi.

Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarga erishish borasida parlament ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amaliy harakatlarga kirishildi.