Senat Raisi Qatar Davlati Maslahat Kengashi Bosh kotibi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 20 Dekabr 2023 1402

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 19-dekabrda Qatar Davlati Maslahat Kengashi Bosh kotibi Ahmad Nosir Al-Fadala bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Taʼkidlash lozim, keyingi yillarda muntazamlik kasb etib borayotgan oliy darajadagi muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim oʻrin tutdi.

    Xususan, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Xamad bin Xalifa Ol Soniyning joriy yil 5-6-iyun kunlari mamlakatimizga hamda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1-2-oktyabr kunlari Dohaga davlat tashriflari ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Qatar hamkorligining keng yoʻnalishlari, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi ortmoqda, yirik qoʻshma loyihalar tayyorlanib, amalga oshirilyapti. Tomonlar shunday boʻlsada, iqtisodiy koʻrsatkichlar, xususan, oʻzaro savdo aylanmasi hajmi davlatlar imkoniyatlarini toʻliq aks etmayotgani, uni bir necha barobarga oshirish uchun salohiyat va imkoniyatlar yetarli ekanini taʼkidlab oʻtdilar.

    Bu borada ikkala davlatning mushtarak saʼy-harakatlarini birlashtirishda parlamentlararo aloqalarni yanada jadallashtirish va yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi.

    Buning amaliy mexanizmi sifatida oʻzaro tashriflar muntazamligini taʼminlash, parlamentlararo hamkorlikka oid tegishli hujjat loyihasini tezroq ishlab chiqib, tasdiqlash taklifi ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida turli xalqaro tashkilotlar va parlament tuzilmalari doirasida ham oʻzaro muloqotni rivojlantirishga kelishib olindi.