Uchrashuvda Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorligi munosabatlar tarixida eng yuqori darajaga koʻtarilgani alohida qayd etildi. Ayniqsa, keyingi yillarda gender tenglik, xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlash, imkoniyatlarini kengaytirish yoʻnalishida «BMT-ayollar» tuzilmasi bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqqani aytib oʻtildi.
Muloqot chogʻida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi bilan tuzilma oʻrtasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Xususan, gender byudjetlashtirish, gender statistikasi hamda gender audit yoʻnalishlarida oʻzaro tajriba oʻrganish, ilgʻor amaliyotlarni joriy etish boʻyicha fikr almashildi.
Munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlik boʻyicha tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish, unda aniq yoʻnalishlarni belgilashga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.