Senat Raisi Sirdaryo viloyatida boʻldi

    Mamlakatimizda 19 Fevral 2024 526

    Joriy yil 16-17-fevral kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Sirdaryo viloyatining Guliston, Boyovut, Mirzaobod tumanlari hamda Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlaridagi sogʻliqni saqlash va taʼlim muassasalari, iqtisodiyot obyektlari, mahallalarda boʻlib, aholi vakillari va mahalliy Kengashlar deputatlari bilan bevosita muloqotlar oʻtkazdi.

    Senat Raisi viloyatga amaliy tashrifini Guliston shahrida xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan velomarafondagi ishtirok bilan boshladi.

    Mazkur musobaqa shahardagi И.Каримов va Guliston koʻchalari boʻylab oʻtkazilib, ishtirokchilar qariyb 3 kilometr boʻlgan masofani velosipedda bosib oʻtdi.

    Mehnat jamoalari, mahalla ayollari va uy bekalari oʻrtasida oʻtkazilgan ushbu bellashuv gʻoliblarini taqdirlash marosimida Senat Raisi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Narbayeva bugungi kunda yurtimizda sportga berilayotgan eʼtibor, sportning ommaviyligini oshirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligi, chekka-chekka hududlarda ham barcha jahon andozalariga toʻla mos keladigan sport inshootlari barpo etilib, aholi ixtiyoriga topshirilayotganligi, ayollarimiz bundan unumli foydalangan holda muntazam sport bilan faol shugʻullanishlari va buni oʻz mahallarida ham doimo targʻib qilishlari lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

    Shundan soʻng T. Narbayeva Guliston shaharidagi Respublika ixtisoslashtirilgan “Ona va bola salomatligi” ilmiy amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filialida boʻlib, muassasa faoliyati bilan tanishdi, shifokor va bemorlar bilan suhbatlashdi.

    Muloqot davomida onalar va bolalar salomatligi uchun masʼul boʻlgan soha xodimlari oldida turgan vazifalar hamda sifatli tibbiy xizmatni tashkil etishda yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan shifokorlarning fikr-mulohazalariga eʼtibor qaratildi.

    Guliston tumaniga tashrif doirasida “Zarbdor” mahallasi hududida joylashgan alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida boʻlib, u yerdagi shart-sharoitlar, dars jarayonlari bilan tanishib, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashildi. 2022-yilda tashkil etilgan 176 nafar oʻquvchiga moʻljallangan maktabda ayni paytda 110 nafar oʻquvchiga taʼlim berib kelinyapti.

    Eʼtiborli jihati, taʼlim maskanida oʻquvchilarning oʻqishdan boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli toʻgaraklar ham tashkil etilgan. Oʻquvchilar taʼlim olish bilan bir paytda pazandachilik, toʻquvchilik, roʻzgʻorda kerak boʻladigan turli buyumlarni yasashga ham oʻrgatilyapti.

    Senat Raisining navbatdagi tashrif manzili Boyovut tumanidagi “Uchturgon” mahallasida joylashgan 1-sonli sport maktabi boʻldi. Bu yerda sportchilarning shugʻullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, sport boʻlimlarining faoliyati bilan tanishish asnosida sportchi va murabbiylar, tuman “Chavandozlar maktabi”da shugʻullanayotgan chavandoz ayollar bilan samimiy suhbat qurildi.

    Shuningdek, Boyovut tumani hokimligida Boyovut, Xovos tumanlari va Shirin shahri deputatlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan yaqinda imzolangan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonidan kelib chiqadigan vazifalarga eʼtibor qaratildi.

    Farmon bilan Oʻzbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model – “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berilgani taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida deputatlar mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdilar.

    Keyingi yillarda Sirdaryo viloyati sanoatlashib boryapti. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilib, yirik loyihalar amalga oshirilyapti. Bu jarayonda albatta, energiyaga boʻlgan talab ham tabiiy ravishda oshib boradi.

    Shirin shahrida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan elektr stansiyasi ana shu talabni qondirishi bilan ahamiyatli. Т.Нарбаева viloyatga tashrifi davomida stansiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    Ayni paytda Sirdaryoda viloyat hokimligi tashabbusi bilan mahallalardagi faol xotin-qizlar oʻrtasida “Sen aziz va muqaddassan ayol” shiori ostida koʻrik tanlov oʻtkazilyapti. Senat Raisi Shirin shahridagi Yoshlar markazida 10 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilgan shahar bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

    Tadbirda viloyat bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan tanlov gʻoliblariga faxriy yorliq, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Shundan soʻng Shirin shahar “Vatanparvar” mahallasi faollari va harbiy qismda xizmat oʻtayotgan harbiylarning oilalari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Bugungi kunda viloyatda 78 ming nafar nuroniy istiqomat qiladi. Т.Нарбаева Mirzaobod tumanida “Nuroniylar maskani”ning ochilish marosimida ishtirok etib, yoshlar tarbiyasida nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, oilalar mustahkamligini taʼminlashdagi ishtiroklari xususida dildan suhbat qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.