Senat Raisi Tanzila Narbayeva MDH PA aʼzo davlatlari parlamentlari rahbarlari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Aprel 2021 956

    Avval xabar berilganidek, shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasida rasmiy tashrif bilan boʻlib turibdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya MDH PA Kengashining navbatdagi majlisida va MDH PAning ellik ikkinchi yalpi majlisida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahriga keldi.

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning MDH PA aʼzo davlatlari parlamentlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

    Jumladan, parlamentning yuqori palatasi rahbari T.Narbayevaning Moldova Respublikasi Parlamenti Raisi Z. Grechanыy bilan uchrashuvida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar, mamlakatning asosiy nuqtayi nazarlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Parlamentlararo hamkorlik, gender tenglik, yoshlar siyosati masalalari, pandemiya sharoitida koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni davom ettirish masalalari koʻrib chiqildi.

    — Moldova va Oʻzbekistonni asrlar davomida doʻstona munosabatlar bogʻlab kelgan, — deb taʼkidladi parlament yuqori palatasi rahbari Tanzila Narbayeva. — Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ochiq siyosat, barcha yoʻnalishlarda yaxshi munosabatlar oʻrnatish tarafdori. Va bugun biz sizlar bilan iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda va parlament faoliyati doirasida hamkorlik qilmoqchimiz. Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish zarur.

    Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari ikki mamlakat parlamentlarining doʻstlik guruhini tuzish, mintaqalararo darajada aloqalar oʻrnatishni taklif qildi.

    Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva Armaniston Respublikasi Milliy Majlisi Raisi A.Mirzoyan bilan uchrashdi.

    Tomonlar savdo-iqtisodiy, madaniyat, taʼlim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

    — Ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega. Bu Oʻzbekistonda qadrlanadi. Ayniqsa, soʻnggi uch yilda munosabatlarimiz har tomonlama jadal rivojlanmoqda, — deb taʼkidladi Senat Raisi T. Narbayeva. — Biz Armanistonni asosiy strategik hamkorlardan biri sifatida qabul qilamiz. Biroq ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish uchun barcha salohiyat va imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish zarur.

    Uchrashuv chogʻida tomonlar ikki mamlakat parlamentlarining faoliyat koʻrsatayotgan doʻstlik guruhi ishini qayd etdi, mintaqaviy parlamentlar doirasida tajriba almashish, qonun ijodkorligi boʻyicha ixtisoslashgan qoʻmitalar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishib oldilar.

    omonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, tegishli parlament va hukumat tuzilmalarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirish muhimligini taʼkidladilar.

    Shundan soʻng Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi S.Gafarova bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik, Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlari hamkorligini chuqurlashtirish, shuningdek, oʻzaro munosabatlarning yangi istiqbollarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    — Oʻzbekiston Ozarbayjon bilan koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat beradi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga, milliy anʼanalar, urf-odatlar, til, madaniyat va dinimiz mushtarakligi hamda yaqinligiga asoslanadi, — dedi Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva. — Xalqaro xususiyatga ega turli tadbirlarda ikki mamlakat parlamentlari aʼzolarining ishtirok etishi amaliyotini davom ettirishni maqsadga muvofiq, deb bilaman.

    Parlamentlararo hamkorlik boʻyicha guruhlar faoliyatini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

    Tomonlar Oʻzbekiston parlamenti huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Ozarbayjon parlamenti huzuridagi tahliliy-huquqiy tuzilmalar oʻrtasida aloqa oʻrnatish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) parlament tuzilmalari doirasida tajriba almashish, sayyohlik va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga doir ishlarni davom ettirish, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga koʻmaklashish toʻgʻrisida kelishib oldilar.

    Uchrashuvlar davomida Senat Raisi T.Narbayeva parlament diplomatiyasi ikki tomonlama munosabatlar va boshqa dolzarb masalalarni hal qilishda muhim tashqi siyosiy resurs sifatida eʼtirof etilishini taʼkidladi.

    Shunday qilib, parlament diplomatiyasi nafaqat oʻzaro ishonchni mustahkamlashga, balki siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga ham bevosita taʼsir koʻrsatadi.

    Senat Raisi T. Narbayeva MDH PA aʼzo davlatlari parlamentlari rahbarlarini Oʻzbekistonga kelishga va bir qator xalqaro tadbirlarda ishtirok etishga taklif qildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.