Senat Raisi T.Narbaevaning RF Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi V.Volodin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Xalqaro hamkorlik 28 Noyabr 2022 1024

    Joriy yil 28-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi V.Volodinni qabul qildi.

    Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, transport-logistika, agrosanoat, ilmiy-texnik sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish hamda parlamentlararo hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

    Senat Raisi T.Narbaeva so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik sohasidagi yutuqlar, jumladan, shu yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiya yakunlari hamda ushbu sessiya MDH parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichini boshlab berganiga to‘xtalib o‘tdi.

    O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi raisi V.Volodin parlamentlar imkoniyatlari doirasida ikkala davlat rahbarlari darajasida qabul qilingan qarorlarning ijrosini ta’minlash muhimligini ta’kidlab, bugungi kunda O‘zbekiston Rossiyaning muhim iqtisodiy sherigi ekanligiga, mamlakatlar o‘rtasida savdo aylanmasi o‘sayotganligi va bundan kelib chiqib, transport, sanoat, turizm va boshqa sohalarda aloqalarni kuchaytirish zaruratiga urg‘u berdi.

    Uchrashuv davomida Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi. Shuningdek, halqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.