Senat Raisi va senatorlar «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi

    Mamlakatimizda 26 Iyul 2023 2066

    Yaqinda «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan stipendiya tanlovi yakunlari sarhisob qilindi. Tanlov natijalariga ko‘ra 154 nafar iqtidorli va istiqbolli yoshlar Fond stipendiyasi sohiblari deb topildi.

    Kuni kecha Senat Raisi Narbaeva va senatorlar «El-yurt umidi» jamg‘armasining stipendiatlarining Oliy Majlis Senatiga tashrifi doirasida ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Stipendiatlar Senat faoliyati, uning tarkibi, senatorlar, qonunchilikda bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi.

    Uchrashuvda Senat Raisi T. Narbaeva «El-yurt umidi» stipendiyasi tanlovi g‘oliblarini samimiy tabriklab, davlatimiz rahbari boshchiligida professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilayotganiga alohida to‘xtaldi.

    Qayd etilganidek, albatta, davlat rahbari boshchiligida yoshlarning xorijda grand asosida tahsil olishini qo‘llab-quvvatlash o‘zining yuksak natijalarini beryapti. Hozirgi kunda 500 nafarga yaqin stipendiatlar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida ta’lim olyapti. Bu ko‘rsatkichlarning barchasi O‘zbekistonda intellektual rivojlangan yoshlar shakllanayotganidan dalolat beradi.

    Muloqot davomida stipendiatlar Senat Raisiga turli mavzularda takliflar berib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Xususan, yoshlar tomonidan kiberxavsizlik sohasiga oid qonunlarni takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha yangi platformalarni yaratish kabi qator takliflar ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.