Senat Raisining birinchi oʻrinbosari YEXHTning OAV masalalari boʻyicha vakili bilan uchrashdi

    Mamlakatimizda 14 Aprel 2021 420

    2021-yil 13-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyevning YEXHTning OAV masalalari boʻyicha vakili T.Ribeyro bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuvi oʻtkazildi.

    Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari D.Saidjanov ham ishtirok etdi.

    Uchrashuv ishtirokchilariga yurtimizda soʻz erkinligini mustahkamlash va OAVni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berildi.

    Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistondagi soʻz erkinligi, OAVning tutgan oʻrni keskin ravishda oʻzgarib, ular xalq ovozi, toʻrtinchi hokimiyatga aylanib bormoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan davlat organlari va tashkilotlar rahbarlarining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchilari etib tayinlandi. Bugungi kunda 600 dan ortiq matbuot kotiblari oʻz faoliyatlarini ochiqlik asosida olib borishyapti.

    Bundan tashqari, parlament tomonidan axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida jamoatchilik kengashi tuzilib, axborot sohasidagi dolzarb masalalar boʻyicha jamoatchilik fikrini shakllantirishga eʼtibor qaratilgan. Unga ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlari, ilm-fan va madaniyat hamda deputatlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining mustaqil ekspertlari va mutaxassislari kirgan.

    Tomonlar Oʻzbekistonning YEXHT va uning tegishli tuzilmalari bilan hamkorligi axborot sohasi va ommaviy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.

    Shuningdek, onlayn uchrashuvda boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.