Senatning ikkinchi yalpi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga qoʻshimcha manbalardan daromad oluvchi byudjet tashkilotlari uchun belgilangan soliq stavkalarining amal qilishini 2027-yilning 1-yanvarigacha uzaytirish, shuningdek jami daromadning chegaraviy miqdorini 5 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻm etib belgilanishi, ushbu daromad mavjud boʻlganda soliq toʻlovchilar har oylik boʻnak toʻlovlarini toʻliq chorak oʻtganidan keyin toʻlashini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan beriladigan byudjet subsidiyalari jami daromad tarkibiga kiritilmasligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, oʻz mablagʻlari hisobidan nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining binolarini qurish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarga nisbatan foyda soligʻi boʻyicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari berilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan vagonlar (konteynerlar) operatorlarining temir yoʻl transportida tashish jarayonida vagonlarni (konteynerlarni) ijara shartlari asosida foydalanishga berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish aylanmasi qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan vaqtinchalik ozod qilinmoqda.
Majlisda mazkur Qonun senatorlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi hamda taʼlim tizimini takomillashtirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish va aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirishda muhim ahamiyat ega ekanligi alohida taʼkidlandi.