Maʼlumki, Global baholash tashabbusi amaldagi maʼlumotlarni monitoring qilish, baholash va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirishda mamlakatlarga yordam beradigan tashkilotlar hamda ekspertlarning global koalitsiyasi hisoblanadi.

Muloqot chogʻida Senatda byudjetni koʻrib chiqish, nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini oʻrganish, hukumat aʼzolarining hisobotini eshitish va ular tomonidan axborotlar taqdim etish hamda milliy BRMlarni amalga oshirish jarayoni yuzasidan fikr almashildi.

Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq Senatning vakolatlarini kengaytirish va rolini kuchaytirish, uning mamlakat milliy strategiyalarini shakllantirish hamda amalga oshirish jarayonidagi ishtiroki, mahalliy Kengashlar deputatlarining davlat dasturlari va mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqish tartib-taomiliga jalb etilganligi alohida qiziqish uygʻotdi.

Ekspertlar Senat qoʻmitalari va Kengashi majlislarini oʻtkazish tartibi hamda muddatlari, ular tomonidan nazorat tadbirlarini oʻtkazishda maʼlumotlar toʻplash tartib-taomili va metodologiyasi, Senatning har bir qoʻmitasi huzurida tashkil etilgan ekspertlar guruhlari faoliyati, shuningdek, ularning qoʻmitalar faoliyatiga jalb etilganlik darajasi bilan qiziqdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.