Senatda «Better Cotton Initiative» delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaevaning Yannis Bellingxauzen boshchiligidagi «Better Cotton Initiative» (BCI) xalqaro tashkiloti delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvni ocharkan, T. Narbaeva O‘zbekistonning Better Cotton Initiative bilan hamkorlikni yuqori baholashini, ayniqsa qishloq xo‘jaligi barqarorligini oshirish, munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish va paxta-to‘qimachilik ta’minoti zanjirlarida shaffoflikni kuchaytirish borasida tashkilotning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.

    Qayd etilganidek, paxta-to‘qimachilik sohasi mamlakat iqtisodiyotining yetakchi yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda keng qamrovli islohotlar natijasida tubdan yangilandi.

    Bugungi kunda o‘zbek paxtasining eksport geografiyasi kengayib, 80 dan ortiq davlatlarga paxta-to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilmoqda.

    Eksport hajmini oshirish, sohaga yana-da ko‘proq investitsiyalarni jalb etish, bu ishlarga to‘qimachilik sohasidagi yirik xalqaro brendlarni kengroq jalb etishda sohaga munosib mehnat tamoyillariga, ekologik barqarorlikka hamda xalqaro texnik va ishlab chiqarish talablariga asoslangan standartlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlandi.

    Uchrashuv davomida ushbu xalqaro standartlarni o‘zida mujassam qilgan BCI standartlarini yana-da keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.

    Xususan, BCI standartlarini milliy standart sifatida qabul qilish, bu borada milliy auditorlarni tayyorlash, kichik va o‘rta biznes uchun sertifikatlash xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan qo‘shma loyihasini amalga oshirish, sertifikat berish bo‘yicha o‘tkaziladigan o‘rganishlar muddatini qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishildi.

    Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro ko‘rgazmalar va barqaror tekstil forumlaridagi ishtirokini kengaytirish, xalqaro brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish va ular ishtirokida O‘zbekistonda xalqaro tadbirlarni tashkil etish imkoniyati ham istiqbolli yo‘nalish sifatida alohida qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida O‘zbekiston kelajakda ham qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.