Senatda Braziliya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 11-dekabrda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Braziliya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Syuzan Kleyebank bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston–Braziliya munosabatlari va parlamentlararo hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi.

    Siyosiy maslahatlashuvlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamohanglik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oliy Majlisda tashkil etilgan Braziliya bilan parlamentlararo doʻstlik guruhi faoliyati va Braziliya parlamentida Oʻzbekiston bilan doʻstlik guruhini tashkil etish uchun hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, parlament aʼzolari oʻrtasida onlayn uchrashuvlar tashkil etish hamda Braziliya Milliy kongressi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini uyushtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.