Senatda YEXHT DIIHBning Oʻzbekistondagi referendumni kuzatish boʻyicha missiyasi rahbari bilan uchrashuv oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 13 Aprel 2023 1961

    2023-yil 12-aprelda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev YEXHT DIIHBning Oʻzbekistondagi referendumni kuzatish boʻyicha missiyasi rahbari, elchi Albert Yonsson bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda xorij tomoniga Konstitutsiyaviy islohotlar, shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar berildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, YEXHT DIIHBning va Venetsiya komissiyasining fikr va tavsiyalarini inobatga olgan holda tayyorlangani qayd etildi.

    Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi chogʻida 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, ularning har toʻrtinchisi loyihada oʻz aksini topgani alohida taʼkidlandi.

    Muloqot davomida YEXHT DIIHB bilan oʻzaro hamkorlik istiqbollari, jumladan qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish va milliy saylov tizimini yanada modernizatsiya qilish sohasida aloqalarni kengaytirish boʻyicha fikr almashildi.

    Oʻz navbatida, xorijiy tomon mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni ilgari surishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga har tomonlama hissa qoʻshishga tayyorligini taʼkidladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar tizimli muloqotni va hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.