Senatda Jahon banki vitse-prezidenti bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 10 Mart 2023 1767

    Joriy yil 9-martda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Oʻzbekistonning ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorligi strategik sheriklik asosida rivojlanib boryapti. Mamlakatimizda bankning koʻmagi bilan energetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash yoʻnalishlarida qator loyihalar amalga oshirildi.

    Muloqot chogʻida hamkorlikning amaliy jihatlariga eʼtibor qaratilib, uning istiqbollari xususida fikr almashildi. Xususan, davlat korxonalarini xususiylashtirish dasturini amalga oshirish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligini oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati rolini kuchaytirish, shuningdek, gender tenglik sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari diqqat markazda boʻldi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonda turli sohalardagi loyihalarni amalga oshirishda xorijiy kompaniyalarni jalb etish borasida Jahon bankining ishtiroki muhokama etildi.

    Anna Berde yurtimizdagi islohotlarning muvaffaqiyatini yuqori baholab, Oʻzbekistonda iqtisodiy yangilanishlar ijtimoiy islohotlar bilan uygʻun ravishda olib borilayotganligini, shu jumladan ijtimoiy inklyuzivlik va ijtimoiy tenglik yondashuvlari asosida davlatning alohida strategik maqsadlari belgilanganligini qayd etdi.

    Shuningdek, Jahon banki bundan keyin ham Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishini aytib oʻtdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.