Senatda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Salomatlik 26 Aprel 2023 930

    Joriy yil 25-aprelda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari D. Tashmuxamedova Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining Davlat strategiyalari va sogʻliqni saqlash tizimlari boʻlimi direktori Natasha Azzopardi – Mussat boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari muhokama etilib, mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, xususan yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Shuningdek, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi boshchiligida tashkil etilgan, oʻsmirlar va yoshlarning ruhiy salomatligini profilaktika qilish va mustahkamlash, farovonligini taʼminlash masalalari boʻyicha idoralararo ishchi guruhning faoliyati toʻgʻrisida batafsil toʻxtaldi.

    N.Muskat xonim tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida sogʻliqni saqlash tizimi, xususan ruhiy salomatlik masalalarida olib borilayotgan islohotlar eʼtirof etildi.

    Xususan, Sirdaryo viloyatida tibbiy sugʻurta tizimining joriy etilganini, ushbu yangi tizimning kelgusida respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etilishini yuqori baholadi.

    Shuningdek, idoralararo ishchi guruhning faoliyatini kengaytirib, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ham vakillarni qamrab oluvchi mintaqaviy ishchi guruhni tuzish tashabbusi bilan chiqishini va oʻzining bu sohadagi tajribasini namuna sifatida boshqa mamlakatlar bilan boʻlishishini taklif sifatida bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.