Senatda “Ona tilim – faxrim” nomli adabiy kecha oʻtkazildi

    Madaniyat 20 Oktabr 2023 1533

    Joriy yil 19-oktyabrda Oliy Majlis Senatida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan “Ona tilim – faxrim” nomli adabiy kecha oʻtkazildi.

    Tadbir davomida maktab jamoasi va oʻquvchilari parlament faoliyati, xususan, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoni bilan yaqindan tanishdi hamda senatorlar bilan oʻtgan jonli muloqot natijasida siyosiy bilim va koʻnikmalarini yanada boyitdi.

    Unda oʻzbek tiliga oid ilmiy izlanishlar, lugʻatlar yaratish, xorijiy tillarning tilimizga va aksincha, oʻzbek tilining oʻzga tillarga taʼsiri haqida soʻz yuritildi. Soʻnggi yillarda oʻzbek tili va adabiyotini taraqqiy ettirish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

    Oʻz navbatida, oʻquvchilar tomonidan mavzuga oid badiiy dastur namoyish etildi. Ona tilimizni madh etuvchi sheʼrlar, hikmatli soʻzlar va qoʻshiqlar ijro etildi.

    Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbir davomida drama toʻgaragi aʼzolari ham oʻzlari tomonidan tayyorlangan “Qasamyod” spektaklini ishtirokchilar eʼtiboriga havola etdi. Ushbu spektaklda XX asr boshlarida oʻzbek tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan jadidlar obrazi gavdalantirildi hamda bunda oʻquvchilarning oʻz rollarini mohirona ijro etishi tomoshabinlar qalbida jadidlarga nisbatan muhabbat va faxr tuygʻusini yanada mustahkamladi.

    Qiziqarli muloqot davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.