Suhbat chogʻida Xitoy Oʻzbekistonning muhim strategik sheriklaridan biri ekani taʼkidlandi. Ikki mamlakat yetakchilarining ochiq va ishonchli muloqoti tufayli ikki tomonlama munosabatlar har tomonlama, uzoq muddatli strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligining dolzarb yoʻnalishlari va istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, audit va moliyaviy shaffoflik sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida davlat byudjetini shakllantirishda, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish sohalarida gender yondashuvining ahamiyati masalasiga toʻxtalib oʻtildi. Yanada adolatli va samarali iqtisodiy va ijtimoiy tuzilmalarni yaratish uchun gender jihatlarni hisobga olish zarurligi taʼkidlandi.
Hududlararo muloqotni rivojlantirish doirasida hamda mahalliy byudjetlarni shakllantirish jarayonida parlament nazoratini kuchaytirishga qaratilgan dasturiy loyihalarni ishga tushirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.









