Senatda Vatanimiz fidoiylarining farzandlari ishtirokida 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi

    1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz xizmat vazifasini ado etish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning farzandlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Mamlakatimizda bola huquqlari kafolatlarini taʼminlash, bolalarni himoya qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

    Milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bogʻliq boʻlgan qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari soni 500 dan ortiqdir.

    Jumladan, “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingan.

    Sohada olib borilgan islohotlar natijasida 23 ta Mehribonlik muassasasi va bolalar uyi faoliyati tugatildi. Mazkur yoʻnalishda bolaning oila muhitida tarbiyalanishini taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy himoya tizimi yoʻlga qoʻyildi.

    Tadbirda Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirligining oʻz xizmat burchini ado etish chogʻida hayotini bagʻishlagan harbiylarining farzandlari bilan samimiy muloqot oʻtkazildi. Har bir bola davlat himoyasida, uning taʼlim olishi, sogʻligʻi, hayoti sifati hamisha eʼtiborda ekani taʼkidlandi.

    Tadbir davomida Oliy Majlis Senati Raisi bolalar bilan samimiy suhbatlashib, ularning fikrlari va orzu-istaklarini tingladi, kelgusi rejalari bilan tanishdi.

    Mamlakatimizda xizmat vazifasini ado etish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalarini qoʻllab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha tizimli ishlar olib borilyapti. Jumladan, Mudofaa vazirligi tomonidan 2024-yilda 64 nafar, 2025-yilda esa 47 nafar harbiy xizmatchining farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.

    Shuningdek, halok boʻlgan harbiylarning oila aʼzolari va farzandlari harbiy shifoxonalarda muntazam tibbiy koʻriklardan oʻtkazilyapti, zarur hollarda davolanishlari taʼminlanyapti.

    Ularning 15 nafar oila aʼzosi uchun sanatoriylarda bepul dam olish tashkil etilgan. Yozgi davrda esa 37 nafar farzandi sogʻlomlashtirish oromgohlarida bepul hordiq chiqarish imkoniyatiga ega boʻldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Tadbir yakunida bolajonlarimiz bayram dasturxoniga taklif etildi hamda ularga esdalik sovgʻalari topshirildi.