Senatda Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi

    Mamlakatimizda 4 Fevral 2022 929

    Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi boʻyicha hisoboti eshitildi.

    Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi boʻyicha hisoboti eshitildi.

    Hukumat hisoboti bilan tanishgan senatorlar davlat dasturidagi aksariyat vazifalar ijrosi taʼminlanganini qayd etdilar.

    Xususan, Dasturning 273 ta bandidan 243 tasi toʻliq bajarilgan, 5 ta banddagi vazifalarning ijro muddati uzaytirilgan, 20 ta bandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari va takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 5 ta bandning ijrosi boʻyicha tegishli loyihalar Oliy Majlis palatalariga kiritilgan.

    Dasturda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 187 ta normativ-huquqiy hujjat va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

    Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini saqlab qolishga alohida eʼtibor qaratilib, 2021-yilda oʻtgan yilga nisbatan yalpi ichki mahsulot hajmini 7,4 foizga oshirishga erishilgan, chakana savdo aylanmasi hajmi 12,0 foizga oʻsgan, byudjet daromadlari 164 trln 700 mlrd soʻmga ijro etilgan.

    “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 7 800 ta qishloq va mahallalardagi 45 567 ta obyektda qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari toʻliq yakuniga yetkazilgan. 8 trln 731 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlar hisobiga 20 300 km uzunlikdagi avtomobil yoʻllarida, 382 ta koʻprikda qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari bajarilgan. 5 892 km ichimlik suvi tarmoqlari hamda 559 ta inshoot qurilishi va rekonstruksiya qilinishi natijasida 1 mln 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan va markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 65,1 foizdan 69,7 foizga yetkazilgan.

    Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida belgilangan 23 trln 500 mlrd soʻm mablagʻ toʻliq oʻzlashtirilib, 2 173 ta obyekt foydalanishga topshirilgani, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 524 416 nafardan ortiq yoshlarning bandligi taʼminlangani, 32 mln 500 ming aholi tibbiy xatlovdan oʻtkazilgani, 14 mlnga yaqin yurtdoshlarimiz COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi ikki dozada vaksina bilan toʻliq emlangani alohida eʼtirof etildi.

    2021-yilda bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrovi 62 foizga yetgani, maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga qabuli 2020-yilga nisbatan 1,7 baravarga ortgani, yoshlarni oliy taʼlimga umumiy qamrov darajasi 28 foizga oshirilib, 170 ming nafardan ortiq oʻgʻil-qizlar oliy taʼlimga qabul qilingani ham Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar jadal davom etayotganligining dalilidir.

    Senatorlar dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligini taʼkidladilar.

    Xususan, Dasturda 50 ta kon va istiqbolli maydonlarni mahalliy va xorijiy investorlarga shaffof mexanizmlar asosida foydalanishga berish vazifasi belgilangan boʻlishiga qaramay, amalda 20 ta geologik obyekt sotilgan.

    Ishsiz fuqarolar, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar, qaytib kelgan mehnat migrantlarini mahalla darajasida kasb-hunarga, tadbirkorlikka oʻqitish koʻlamini kengaytirish maqsadida mahalla kasb-hunarga oʻqitish maskanlari tarmogʻini kengaytirish vazifasi yuzasidan tuman-shaharlarda amalga oshirilgan ishlar talab darajasida tashkil etilmagan.

    Ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yoʻnaltirilgan markazlashgan investitsiyalar samaradorligini oshirish, davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) tizimi joriy etilmagan.

    Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tajribasi asosida barcha shahar va tumanlarda “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”ni tashkil etish vazifasi yetarli darajada bajarilmagan.

    Isteʼmolchilar huquqi ustuvorligini taʼminlagan tadbirkorlik subyektlari reytingini joriy qilish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan.

    Senatorlar davlat dasturidagi topshiriqlar ijrosini taʼminlashda Hukumat va parlament aʼzolari, toʻrtinchi hokimiyat hisoblangan ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borsa, koʻzlangan barcha maqsadlarga albatta erishilishini taʼkidladilar.

    Jonli muhokama va qizgʻin savol-javoblar asosida oʻtgan hisobot yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati