Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot bilan olib borayotgan faol hamkorligi, tashkilotning xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiyani targʻib qilish boʻyicha faoliyati Oʻzbekistonning milliy ustuvor yoʻnalishlariga toʻliq mos kelishi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda migratsiya sohasidagi ishlarga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu borada 2019-yilda Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilotning toʻliq aʼzosi sifatida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgani eʼtirof etildi.
Suhbat chogʻida mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va yangi mexanizmlarni amaliyotga joriy etish maqsadida 16 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani va yangi ishga joylashish mexanizmlari joriy etilgani, taʼlim dasturlari, imtiyozli kreditlash va Vatanga qaytgan migrantlarni qoʻllab-quvvatlash tizimlari tashkil etilgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston mehnat migratsiyasi bozorlarini diversifikatsiya qilish, anʼanaviy yoʻnalishlarga bogʻliqlikni kamaytirish va migrantlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashni kuchaytirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuv davomida tomonlar migratsiya boshqaruvini takomillashtirish, xavfsiz va tartibga solinadigan migratsiya jarayonlarini taʼminlash, migrantlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy choralarni koʻrish yuzasidan yanada faol ish olib borishdan manfaatdorligini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.