Senatda UNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan hamkorlikdagi loyihalar muhokama etildi

    Bugun, 29-avgustda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijo xonim bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari, shu jumladan, UNICEF bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, ularni yanada faollashtirish va koʻlamini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

    Jumladan, mamlakatimizning UNICEF bilan bolalar haq-huquqlarini taʼminlash, ona va bola salomatligini mustahkamlash, sifatli taʼlimni joriy etish, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish kabi yoʻnalishlardagi hamkorligi muhokama etildi.

    Ayniqsa, bolalarni ijtimoiy himoya qilish hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv loyihalarni joriy etish, bu borada kadrlar tayyorlash va ularning malakasini muntazam oshirib borish masalalari eʼtibor markazida boʻldi.

    Muloqot soʻnggida maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, toʻgʻri ovqatlantirish tartibini joriy etilishiga qaratilgan hamkorlik dasturlarini ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.